Chang va turli yunglar ta’siridagi allergiya

Allergiyaga chalingan insonlar uchun eng bezovta vaqt bahor fasli ekanligi qabul qilingan. Ammo so‘nggi tadqiqotlar hatto kuz va qishda ham allergiyaga e’tiborsiz bo‘lib qolmaslik kerakligini ko‘rsatdi. Chang va uy hayvonlarining yunglariga nisbatan allergiya aynan shu davrda, derazalar deyarli ochilmaydigan va xonani yaxshi shamollatish imkoniyati kamroq bo‘lganda faollashadi.

Ushbu turdagi allergiyaning paydo bo‘lish sabablari?

Chang va turli yunglar ta’siridagi allergiya paytida organizm tirnash xususiyatini beruvchi moddalarga emas, balki ularda yashovchi mikroorganizmlarga nisbatan reaksiyaga kirishadi. Biz chang deb ataydigan narsa turli mikroskopik zarralar aralashmasidir. Unda inson epiteliysining eng kichik bo‘laklari, uy hayvonlari yunglari, oziq-ovqat bo‘laklari, gulchanglar, kiyim-kechaklardagi to‘qimachilik tolalari, kemiruvchilar va hasharotlarning axlatlari, mog‘or va xamirturush sporalari, bakteriyalar va hatto tirik mavjudotlar ya’ni mikroskopik chang hasharotlari bo‘lishi mumkin. Ularning hajmi atigi 100 dan 300 mikrongacha bo‘ladi. Saprofit (mikroorganizm)lar o‘lik teri parchalari bilan oziqlanadi. Insondan yiliga taxminan 2 kg miqdorda bunday teri parchalarni ajralgani uchun, bizning xonadonlarimizda bunday mikroskopik hasharotlar juda yaxshi holatda yashaydi.

Zararli zarralarni to‘playdigan har qanday narsalar (gilamlar, yostiqlar, adyollar, matraslar, ko‘p asrlik to‘plangan asarlar bilan to‘lgan kitob javonlari) allergiya alomatlarini keltirib chiqarishi mumkin. Chang va turli yunglar ta’siridagi allergiyaning qanday belgilari mavjud? Uning belgilari quyidagicha:

  • Burun bitishi, tez-tez aksa urish, tumov;
  • Ko‘zlarning qichishi, qizarishi va yoshlanishi;
  • Nafas qisishi, nafas olishdagi qiyinchilik va bo‘g‘ilish;
  • O‘pkadagi hushtaksimon xirillashlar, yo‘talishga bo‘lgan urinishlar.

Agar odamda ushbu turdagi allergiyaning belgilari namoyon bo‘lsa, qanday yo‘l tutish kerak?

Bu savolning aniq yechimi bor – albatta, shifokorga murojaat qilish kerak. Faqat shifokor kerakli tekshiruvni tayinlaydi, to‘g‘ri tashxis qo’yadi va tegishli davolanish yo‘llarini belgilaydi. Hech qanday holatda o‘z-o‘zini davolash usullarini qo‘llash kerak emas! Chang va turli yunglar ta’siridagi allergiya nafaqat tananing injiqligi, balki har qanday kasallik kabi davolanishni talab qiladigan jiddiy kasallikdir. Va undan bir marta va umuman qutulish mumkin bo’lmasa-da, lekin har qanday holatda ham uning alomatlarini yo‘q qilish va vaziyatni yengillashtirish mumkin. Chang va turli yunglar ta’sirida allergiya yuzaga kelganda vaziyatni yengillashtirish uchun tavsiyalar:

  • Hatto qishda ham xonani iloji boricha tez-tez shamollatib turish zarur;
  • Xonada iloji boricha tez-tez namlantiruvchi tozalik ishlarini o‘tkazish kerak;
  • Agar organizm aynan uy hayvonlariga nisbatan noadekvat reaksiya bildirsa, ular bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqaga kirishishdan saqlanish lozim;
  • Uy ichidan chang to‘playdigan barcha narsalar: gilamlar, ochiq shkaflar va javonlarni olib tashlash tavsiya etiladi;
  • Kitoblar saqlanadigan shkafning eshiklari albatta oynali bo‘lishi kerak;
  • Derazalarga paxta yoki sintetika yengil pardalar ilib qo‘ygan ma’qul, lekin hech qanday holatda jalyuzi ilish mumkin emas. Chunki, ular o‘zida chang yig‘uvchi universal vosita hisoblanadi;
  • Allergiyaga chalingan bemorlar yashaydigan xonada chekish qat’iyan man etiladi, chunki tamaki tutuni o‘z-o‘zidan kuchli tirnash xususiyatini beruvchi vosita hisoblanadi;
  • Uy ichidagi turli o‘simliklar mog‘or paydo bo’lishiga va uyda chang yuzaga kelishiga hissa qo‘shishi mumkin, shuning uchun ularni olib tashlash yoki har doim toza saqlash kerak.